«Mendirman Jaloliddin» serialining taqdimoti

03 - Oktyabr, 2020

2020-yil 3-oktyabr kuni "Tashkent City‘" dagi Kongresslar xolida Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan tarixiy serialning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotning ochilish marosimida Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, loyiha rahbari Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqdi. U ushbu kunda o‘zbek milliy kinematografiyasida yangi sahifa ochilganini qayd etib o‘tdi.

«... To‘satdan paydo bo‘lgan COVID-19 pandemiyasi bizning ishga ham jiddiy zarar keltirdi. Karantin davrida suratga olish ishlari rejadan chiqib ketdi. Ochig‘ini aytaman, men bu loyihamiz bu yil yakunlanishiga shubha qila boshladim. Lekin biz nima bo‘lganida ham, oldimizga qo‘ygan har bir rejamizni oxiriga yetkazamiz. Bu loyihani ham uddalay oldik», dedi Saida Mirziyoyeva.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, diplomatik korpus vakillari, O‘zbekiston va Turkiya madaniyat va sanʼat xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi olimlari, hamkor tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Maʼlumot uchun: Serialni suratga olish ishlari tarixiy filmlar ishlash borasida katta tajribaga ega Turkiyaning “Bozdag film” kompaniyasiga topshirildi. Serialda ishtirok etish uchun O‘zbekiston va Turkiyadan tajribali aktyorlar jalb qilindi. Suratga olish uchun Turkiyada 30 gektar maydonda qadimgi Gurganch shahrining ko‘chalari qayta tiklandi: turar joy binolari, markaziy bozor, boshqa binolar, ajoyib tarzda bezatilgan Xorazmshoh saroyi xonalari. Cho‘ldagi jang sahnalari Istanbuldan 750 km uzoqlikda joylashgan Oqsaroyda suratga olindi.

Serialning birinchi fasli 13 qismdan iborat bo‘lib, premyerasi 2021- yilning yanvarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

«Mendirman Jaloliddin» seriali haqida maʼlumot O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining www.madaniyat.uz veb-saytida va MILLIY TV efirlarida berib boriladi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring