Tuhmat va haqorat uchun jinoiy javobgarlikni yengillashtirish yuzasidan

04 - Mart, 2020
Tuhmat va haqorat uchun jinoiy javobgarlikni yengillashtirish yuzasidan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PQ-4551-sonli qarori asosida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoiy jazo turini tayinlashni bekor qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgan edi.

Fuqarolik jamiyatining vakili sifatida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tuhmat yoki haqoratning har qanday shakli uchun ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoning bekor qilinayotganini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, fond tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhdagi jurnalist va blogerlarning fikrlarini inobatga olib, tuhmat yoki haqoratga oid jinoiy javobgarlikni belgilash masalasi yuzasidan yana quyidagi takliflarni bildirmoqchimiz:

Bizning fikrimizcha, eng avvalo ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat yoki haqorat qilganlik uchun Jinoyat kodeksida belgilangan alohida og‘irlashtiruvchi qismni chiqarib tashlash lozim. Hozirgi holatda OAV orqali qilingan tuhmat yoki haqorat to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Mazkur og‘irlashtiruvchi qismni chiqarib tashlab, jurnalistlar uchun dastlab jinoiy emas, balki ma’muriy javobgarlikni belgilash maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Ikkinchidan, amaldagi Jinoyat kodeksida tuhmat yoki haqorat uchun belgilangan jarima jazosi miqdorlari juda katta. Jumladan, umumiy holatda 44 mln so‘mgacha, og‘irlashtiruvchi holatda esa 133 mln so‘mgacha jarima belgilangan. Shu sababli mazkur jarima miqdorlarini keskin kamaytirish maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, amaldagi qonunchilikda haqorat qilish jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda sodir etilgan bo‘lsa, bu og‘irlashtiruvchi band sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Lekin aksincha o‘z xizmat burchini bajarayotgan shaxslar boshqa fuqarolarni haqorat qilsa, bu dastlab ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Ushbu holat ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilishi va mazkur kichik bandni chiqarib tashlash taklif etiladi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring